Nega biznesga juniorlar kerak: nega aynan siz ekaningizni qanday isbotlash mumkin?

Published:

Agar siz endigina kursni tugatgan yoki kasbingizni oʻzgartirgan boʻlsangiz, “tajribasiz qayerga ham borardim” degan fikr bilan shunchaki vakansiyalarni koʻzdan kechirayotgan boʻlsangiz, bu maqola aynan siz uchun.

 

Kompaniyalar rostdan ham yangi boshlayotganlarni ishga olishga tayyor. Lekin hammasini ham emas. Faqat oʻrganishni biladigan, savol berishdan qoʻrqmaydigan va rezyumesiga erishgan yutuqlarini toʻgʻri yozadiganlarni.

Biznesga nima uchun juniorlar kerak?

Yangi boshlovchilar biznesga pul bilan sotib olib boʻlmaydigan narsalarni beradi: ishtiyoq, yangicha qarash, tez o‘rganishga va natija uchun ishlashga tayyorlik. Bular biroz mavhum va romantik eshitilishi mumkin. Shuning uchun, keling, bularni batafsilroq ko‘rib chiqamiz.

Ishtiyoq. Kuchli raqobat davrida, ayniqsa, AyTi, analitika va raqamli marketing sohalari ommalashgan payt biznesga ishga tez kirishib keta oladigan kadrlar kerak. Bunda juniorlar kadrlar tanqisligini qisman hal qiladi.

Masalan, “T1” xoldingi yosh mutaxassislar: talabalar, bitiruvchilar va AyTi sohasini noldan o‘rganayotganlarga tayanadi. Chunki kompaniya doimiy ravishda yangi loyihalarni ishga tushiradi va o‘sishda davom etadi. Bu sur’atni ushlab turish uchun esa yangi kadrlar kerak — doimiy ravishda va iloji boricha tez.

2024-yilning yozida kompaniya AyTi lager o‘tkazdi: 158 ishtirokchidan 129 nafari ish taklifini oldi. “T1” kompaniyasida yosh mutaxassislar bilan ishlaydigan bo‘lim rahbari Anna Oborinaning fikricha, bu shunchaki dasturning muvaffaqiyati emas, bu — ishga olish va moslashtirishning real ishlaydigan modeli.

Yangicha qarash. Yangi boshlovchilarning fikrlari hali korporativ qoliplar, yoqimsiz tanqidlar yoki mantiqsiz tuzatishlar bilan cheklanib qolmagan. Shuning uchun ular noodatiy yechimlar taklif qilishi yoki tajribali xodimlar ko‘rmaydigan muammolarni payqashi mumkin. Bu, ayniqsa, yuklamasi katta bo‘lgan loyihalar va jamoalarda juda foydali.

Tez oʻrganishga tayyorlik. Har qanaqa juniorni rahbar darajasigacha oʻstirish mumkin. Faqat unda motivatsiya boʻlsa yetarli. Kompaniya bundan 2 tomonlama foyda koʻradi. Birinchidan, kompaniya ichida mutaxassisni oʻstirish odatda “tayyor” xodimni izlashdan va yollashdan arzonga tushadi. Ikkinchidan, biznes kompaniyaning ichki jarayonlari va madaniyatini yaxshi biladigan oʻz xodimlaridan iborat kuchli yadro shakllantiradi.

 

Juniorlar ishni qanday topishi mumkin?

Birinchi ishni topish uchun, albatta, katta portfolio yoki o‘nlab loyihalar boʻlishi shart emas. Muhimi — o‘zini toʻgʻri taqdim eta olish: rezyumeni shakllantirish, suhbatga puxta tayyorlanish va ish beruvchi bilan ilk uchrashuvda cho‘chimaslik. Maslahatlar oddiy, soddadek tuyuladi, lekin ularga masʼuliyat bilan qarash kerak.

Rezyumeni shakllantirish. Ko‘p nomzodlar rezyumening tashqi ko‘rinishi va tuzilishidagi mantiq, ya’ni tartib, savodxonlik va aniq ifoda qanchalik muhimligini yetarlicha tushunmaydi. “Agar rezyumeda xatolar, notoʻgʻri joylashtirishlar va g‘alati jumlalar bo‘lsa, topshiriqlarni bajarishda nima bo‘ladi?” deydi “T1” kompaniyasining ochiq ta’lim dasturlari yo‘nalishi rahbari Svetlana Makarevich.

“Yaxshi rezyume — bu har bir so‘ziga bemalol javob bera oladigan hujjat” deydi u. Hech narsani bo‘rttirish yoki ortiqcha maqtash shart emas. Hatto faqat talabalik davridagi loyihalarda qatnashgan bo‘lsangiz ham, bu ham bitta tajriba va uni ko‘rsatish kerak. Muhimi – tajribangiz qanchalik ko‘pligi emas, uni qay tarzda tasvirlashingiz: qanday vazifalar bo‘lgan, nimalar qiyin bo‘lgan, nimalarni o‘rgangansiz — mana shular muhim.

Agar sizda tajriba ko‘p bo‘lsa-yu, lekin boshqa sohada bo‘lsa, unda asosiy urg‘uni motivatsiyangiz va yo‘nalishni o‘zgartirishga tayyorligingizga qarating. Masalan, agar 15 yilli tajribaga ega sobiq yurist dasturchi bo‘lishni xohlasa, u qaysi kurslarni tugatganini, qanday dasturlarni o‘rganganini va yana nimalarni o‘rganishni rejalashtirayotganini ko‘rsatishi muhim.

Suhbatga tayyorlaning. Shuni esdan chiqarmang, suhbat bu mukammal xodimni topish uchun oʻtkaziladigan test emas. Bu ikki tomonlama muloqot. Siz vakansiyaga qiziqqaningiz kabi ish beruvchi ham koʻnikmalaringizga shunday qiziqadi. O‘zingizni erkin tuting, lekin savollarga tayyor bo‘ling.

Masalan, deyarli har bir suhbatda rekruter sizdan oʻzingiz haqingizda gapirib berishingizni soʻraydi. Agar shu paytda gapda chalkashib qolsangiz, ish taklifi olish imkoniyatingiz sezilarli darajada kamayadi. Shuning uchun bu hikoyani oldindan tayyorlab qo‘ying: kimsiz, ustunligingiz nimada va nega aynan shu kompaniyani tanlagansiz.

Beradigan savollaringizni oldindan tayyorlab qoʻyganingiz maʼqul. Chunki “Savolim yo‘q” degan javob ko‘pincha shubha uyg‘otadi. Rekruterda nomzod haqiqatdan ham qiziqyaptimi degan savol tug‘iladi.

Bir nechta samimiy va mantiqiy savollar sizning loyihaga, jamoaga va kompaniya ichidagi rivojlanishga chin dildan qiziqayotganingizni ko‘rsatadi. Asosiysi — jim turmang, lekin suhbatni stand-upʼga aylantirib yubormaslik kerak.

Vahima qilmaslik. Svetlana Makarevichning aytishicha, nomzodlar ko‘pincha savolga javobni bilmagani uchun emas, hayajonlanganiga muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Yaʼni gapdan to‘xtab qoladi, so‘zlarda chalkashadi yoki qo‘llarida nimanidir bezovta o‘ynay boshlaydi.

Shuning uchun uchrashuv oldidan imkon qadar tinchlanishga harakat qiling. Nafas mashqlari qiling. Sevimli choyingizni iching yoki xotirjam boʻlishingizga yordam beradigan biror odatingizni bajaring.

Author: logicaladmin

← Back