Intervyuda qanday savol bermaslik kerak?

Published:

Oylik, ish jadvali va intervyudagi baʼzi savollar haqida.

Odatda intrevyuda HR yoki boshliq savol beradi. Shu bilan nomzodning koʻnikmasi, tajribasi baholanadi. Ammo nomzodning oʻzi ham baʼzi narsalarni aniqlashtirishi mumkin. Masalan, oylik miqdorini, ishdagi sharoitlar yoki vazifalarini.

Baʼzida esa berilgan savollar ishga oluvchilar uchun “qizil bayroq” boʻlishi mumkin. Buni turli kompaniyalardagi HR menejerlar va boshliqlar bilan muhokama qildik. Quyida shunday savollar berilgan. Ular qaysi holda ishga olinmaslikka sabab boʻlishini batafsil izohlaymiz:

  1. oylik va bonuslar;

  2. kompaniya va undagi loyihalar;

  3. ish jadvali, uni nazorat qilish;

  4. norasmiy ishga joylashish;

  5. karyerada oʻsish;

  6. vazifalar va ish jarayoni;

  7. bashoratlar va korporativ kechalar to‘g‘risida.

Maqola soʻngida nega savol bermaslik ham yomon ekanini tushuntiramiz.

“Qancha toʻlaysiz?”

Yekaterina Geraskina

Artiks” kompaniyasining kommunikatsiyalar bo‘yicha direktori

– Shunaqa holat boʻlgan. Nomzod bilan suhbat yaxshi oʻtdi, tajribasini muhokama qildik, ishga mos kelishi mumkindek tuyuldi. Ammo savoli oylik haqida boʻldi.

Bu savol yomon emas. Faqat nomzodgamas, ishga oladigan tomonga ham bu narsa muhim. Ammo kompaniyamizda jamoaviylik va masʼuliyat juda qadrlanadi. Nomzod loyihalar, jamoaga, natijaga qanday taʼsir koʻrsatishi bilan qiziqmasa, eʼtibori asosan oylikda boʻlsa, bu koʻp narsani bildiradi. Uning motivatsiyasi va ishga boʻlgan munosabatini shundan ham bilsa boʻladi.

Lala Pashayeva

Oasis” HR direktori

Rekruterlarni toʻxtatadigan omil – “Oyligim tez orada oshadimi?” savoli

Bu, birinchidan, nomzod intervyudayoq nimadandir qoniqmayotganiga ishora. Bunday holda kompaniya uzoq vaqt ishlolmaydigan xodimga sarmoya kiritish xavfiga toʻgʻri keladi. Ikkinchidan, bu savol orqali nomzod ishdan koʻra moddiy tarafga koʻproq qiziqayotganday tuyuladi.

Yana nomzod qoʻshimcha vazifalarni alohida toʻlovga qiladigan boʻlsa, rekruterlar uni rad etishi mumkin.

Yevgeniy Bendyukevich

WOODGRAND” zavodi hammuassisi

Nomzod asosan pulga qiziqadi: maosh qancha, mukofotlar bormi va hokazo. U karyera oʻsishi, rivojlanish yoki qiziqarli vazifalarni soʻrashi ham mumkin edi.

Biz bozordagi oʻrtacha ish haqini taklif qilamiz. Lekin nomzodni bundan boshqa narsa qiziqtirmasa, uni ishga ololmaymiz. Kompaniyamiz tez rivojlanyapti. Shunga biz bilan birga oʻsadigan gʻayratli xodimlar kerak.

“Oʻzi sizlar kimsizlar?”

Yekaterina Geraskina

Artiks” kompaniyasining kommunikatsiyalar bo‘yicha direktori

“Saytingizni koʻrib chiqishga ulgurmadim, kompaniyangiz nima bilan shugʻullanishini aytib bering”. Bu savol men uchun “qizil bayroq”. Chunki odatda PR menejerlar bilan gaplashaman. Ular uchun bu maʼlumotni oldindan oʻrganish – asosiy talab.

Odatda men bilan uchrashishdan oldin nomzod bilan 2 marta suhbat qilinadi: birinchi qisqa, keyin toʻliq onlayn gaplashib olish. Agar shungacha nomzod kompaniya haqida nimadir oʻrganmagan boʻlsa, bu degani biz unga qiziqmasmiz.

Andrey Boyko

GK Selecty” guruhi rahbari

“Kompaniyangiz nomi nima?”, “Nima ish bilan shugʻullanadi?”, “Qanaqa lavozim?” kabi savollar nomzodning imkoniyatlarini sezilarli kamaytiradi. Bundan tashqari, yana bir holat bor. Bu – kompaniya nomzodga oʻzi taklif bilan chiqqanida u qiladigan sovuq munosabatdir.

Odatda bunaqa savollar nomzodning kompaniyaga qiziqishi yoʻqligini bildiradi. Agar vakansiya va kompaniya bilan tanishishga 5 daqiqa ajratmagan boʻlsa, ishga jiddiy yondashishi ham qiyin masala.

Yana bir ehtimol – nomzod umumiy javob yuboradi. Yaʼni birorta kompaniyaga qiziqmasdan, aynan sizda ishlash istagisiz hamma vakansiyalarga teng rezyume joʻnatadi.

“Agar istagan paytimda ishlaydigan boʻlsam, buni qanday nazorat qilasiz?”

Maksim Zaxarenko

Oblakoteka” bosh direktori

Biz asosan onlayn ishlaymiz. Nomzodlarning baʼzi savollari bunday ishlash unga mos kelmasligini yaqqol bildirib qoʻyadi.

Eng xavfli savollardan biri: “Kompyuterda necha soat oʻtirganimni nazorat qilasizmi?” Bizga aynan natija muhim, kompyuter oldida oʻtkazilgan vaqt emas. Nomzod nazorat qanday boʻlishidan oldindan xavotirlansa, bu oʻz ishini mustaqil bajarishiga va natijasiga javob berishiga odatlanmaganidan darak beradi.

Yana bir “qizil bayroq”: “Mabodo kun davomida aloqaga chiqolmasam, zarari yoʻqmi?” Masofaviy ishlashda eng muhim narsa kommunikatsiyadir. Bogʻlanolmaslik yoki xodim uzoq vaqt javob bermasligi butun jamoaga, ishning umumiy natijasiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Biz uchun eng muhimi xodimning ish vaqtida aloqada boʻlishidir.

Yevgeniya Gofman

GK Selecty” kompaniyasining katta maslahatchisi

“Oʻzimga qulay boʻlgan grafikda, qatʼiy ish vaqtisiz ishlasam boʻladimi?” Bu savol nomzodning intizomga munosabatini koʻrsatishi mumkin. Har qanday kompaniyada barqaror ishlash uchun intizomga rioya qilish muhim. Ish beruvchilar, ayniqsa, jamoaviy ishlashda belgilangan qoidalarga moslasha oladigan xodimlarni izlaydi.

Yana Voronina

Dela PR” agentligining rivojlanish bo‘yicha direktori

“Xodimlarni qanday nazorat qilasiz?” savoli boshida oddiy tuyulishi mumkin. Lekin biz har doim uning tagmaʼnosiga eʼtibor qaratamiz. Bu savol nomzodning oldindan minimal darajada ishlashni rejalashtirayotganini anglatishi mumkin. Yana natijadan koʻra nazorat tizimidan xavotirda ekanini ham bildiradi. Bunday yondashuv odatda faqat rasmiy talablarni bajargan ko‘rinish berib, haqiqiy natija chiqarishga intilmaydigan xodimlarga mos keladi.

PR sohasida mustaqil ishlay olish, xavf va natijalarni baholay bilish juda muhim. Rahbarlar yordam beradi, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi, lekin KPI ko‘rsatkichlari va materiallar sifatini nazorat qilishni menejerning o‘zi uddalashi kerak.

Yelena Xanova

CreativePeople” kompaniyasining HR direktori

“Men Balida yashayman, ish vaqtida plyajga ham ulgurishim uchun menga qulayroq grafik tuzib berolmaysizmi?” Bu kabi savol nomzodning intizomsizligi va ishga jiddiy yondashmasligini ko‘rsatishi mumkin. U dam olishni ishdan ustun qo‘yayotgandek taassurot qoldiradi.

Agar nomzod uchun ish va shaxsiy hayot o‘rtasidagi muvozanat muhim bo‘lsa, buni boshqacharoq soʻrasa ham boʻladi. “Bu lavozim uchun qanday ish grafigi nazarda tutilgan? Jadvalni moslashtirishning imkoni bormi?”

“Maoshimni kamaytirish mumkinmi? Yoki men yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ishlasam bo‘ladimi?”

Dmitriy Kotov

AyTi sohasida boshqaruv va xodimlarni tanlash boʻyicha mutaxassis. Skillboxʼdagi “AyTi rekruteri kasbi” kursining maʼruzachisi

“Menga rasmiy oylikni kamroq qilib toʻlasangiz boʻladimi, aliment ozroq chiqadi” savoli — ana shu nomzodga bo‘lgan munosabatimni tubdan o‘zgartirgan yagona holat boʻlgan.

Bunaqa odamlar nomzodlar orasida 2 marta uchragan. Ikkisi ham malakali edi, biroq ularni qatʼiyan rad etganmiz. Yaxshiyamki, ikkala holatda ham ishga oluvchi rahbarlar men bilan bir fikrda boʻlgan.

Bu ish qonunga zid boʻlgani uchun biz ularni rad etmadik. Mehnat shartnomasini qonunni buzmagan holda, kompaniyaga xavf solmaydigan qilib rasmiylashtirsa boʻlardi.

Buning sababi nomzodning axloqan pastkashligi edi. Bu esa ishdagi munosabatlarga ham, ehtimol, salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Uni nazorat qilish mumkin bo‘lsa ham, bu qaror bizning qanday qadriyatlarga ega ekanimizni aks ettiradi. Biz shunday kompaniya bo‘lishni xohlaymizmi?

Andrey Boyko

GK Selecty” guruhi rahbari

Agar nomzod “Ish vaqtini o‘zgartirib ishlasa bo‘ladimi?” yoki “Fuqarolik-huquqiy shartnoma tuzish yo yakka tartibdagi tadbirkor sifatida rasmiylashtirishning imkoniyati bormi?” deb so‘rasa, bu uning sizdagi ishni boshqa faoliyati bilan birga olib borishni rejalashtirayotganidan darak beradi.

Qaror qabul qilish ish beruvchining ixtiyorida. Ammo shuni yodda tutish kerak, korporativ qoidalardan qochadigan xodimlar bilan jamoaviy ish jarayonlarini yo‘lga qo‘yish juda mushkul. Bundan tashqari, bunday insonlarda e’tibor markazi bo‘lmaydi. Agar kompaniya u uchun ikkinchi darajali bo‘lsa, topshiriqlarga ham shunday munosabatda bo‘lishi mumkin.

Yaqinda biz testlovchi lavozimi uchun bir nomzod bilan suhbatlashdik. U o‘zini yakka tartibdagi tadbirkor sifatida rasmiylashtirishni va 13:00 dan 21:00 gacha ishlashni so‘radi. Taklif bosqichida esa asosiy ish joyi borligini ochiq aytdi. Biz esa to‘liq kun ishlay oladigan xodim izlayotgandik. Shu sababdan koʻp vaqt sarflagan boʻlsak-da, uni rad etishga to‘g‘ri keldi.

Yana bir holat boʻlgan. Nomzod: “Tezroq ishga olasizmi? Kompaniyamizda byudjet qayta koʻrib chiqilayotgandi, rahbariyatga qarshi taklif uchun koʻrsatishim kerak“, deb soʻradi. Ya’ni u bizdagi suhbatni o‘zining hozirgi ish beruvchisi bilan savdolashish vositasi sifatida qo‘llagan ekan.

“Qachon rahbar boʻla olaman?”

Yana Voronina

Dela PR” agentligining rivojlanish bo‘yicha direktori

“Qachon rahbarlik lavozimiga koʻtarilishim mumkin?” degan savol dastlab ambitsiyali eshitiladi va ijobiy taassurot qoldiradi. Ammo gap junior yoki midl darajadagi lavozim haqida ketayotgan bo‘lsa, hali ishda o‘zini ko‘rsatishga ulgurmagan nomzoddan bunday savol chiqishi fokusning siljiganini ko‘rsatishi mumkin. Ehtimol, nomzod haqiqiy kasbiy o‘sishni emas, balki shunchaki mavqeini oshirishni ko‘zlayotgandir.

Nomzod jamoa vazifalari, ish madaniyati yoki umumiy maqsadlar haqida umuman savol bermay, faqat o‘zining qanchalik tez o‘sishi bilan qiziqsa, bu salbiy signal.

Yelena Xanova

CreativePeople” HR direktori

“Hammuassis yoki rahbar darajasiga chiqmoqchiman, bunga qanday erishsam bo‘ladi?” Bu savol nomzod hozirgi lavozimni vaqtincha bosqich deb bilayotganini va unda uzoq qolishni rejalashtirmayotganini ko‘rsatadi.

Karyerada koʻtarilishga intilish bu yaxshi narsa. Lekin savolni biroz boshqacharoq, masalan, “Kompaniyada professional va karyera taraflama oʻsish uchun qanday imkoniyatlar bor?” tarzida berish mumkin.

“Hamma vazifalarni bajarish kerak boʻladimi?”

Nikolay Fetyuxin

Intelsy” asoschisi va bosh direktori

Timlid lavozimiga nomzod suhbatda shunday savol berdi: “Sizlarda Zoom qo‘ng‘iroqlarida kamera doim yoniq turishi kerakmi? Chunki men ko‘rishib gaplashishni uncha yoqtirmayman”. U anonimlikni afzal ko‘rishini taʼkidladi. Biz undan bir-biridan uzoqda ishlaydigan jamoani vizual aloqa qilmasdan qanday boshqarishini, har kungi uchrashuvlarni qanday olib borishini so‘radik. Javob: “Axir ovoz bilan ham gaplashsa bo‘ladi-ku”.

Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, u yana ikkita ishda qo‘shimcha ishlayotgan ekan va buni barcha kompaniyalardan berkitgan. Shundan so‘ng uning nomzodini darhol rad etdik.

Boshqa bir suhbatda DevOps lavozimiga nomzod shunday savol berdi: “Agar men hamma narsani toʻgʻrilab, vazifalarni autsorsga topshirsam bo‘ladimi?” Ya’ni u vazifalarini frilanserlarga topshirib, faqat bajarilgan ish sifatini nazorat qilishni rejalashtirgan. Buni esa “hamma shunday qiladi” va “bu ishni samarali taqsimlash” degan dalillar bilan asosladi.

Xayolimda kompaniyadan 400 ming rubldan ortiq maosh olib, 30 mingga talaba yollaydigan va hamma narsa izdan chiqqanda g‘oyib bo‘ladigan odam gavdalandi.

Yevgeniya Gofman

GK Selecty” katta maslahatchisi

“Menga yoqmagan vazifalarni bajarmasam boʻladimi?” Bu savol nomzodning ishni turli xil majburiyatlar majmuasi sifatida qabul qila olmasligini ko‘rsatadi. Bu majburiyatlar orasida kundalik va har doim ham qiziqarli bo‘lmagan vazifalar bor.

Har qanday sohada moslashuvchanlik, mas’uliyatni zimmasiga olish va qiziqarli boʻlmasa ham, turli xil vazifalarni bajarish muhimdir.

Yana Voronina

Dela PR” agentligining rivojlanish bo‘yicha direktori

“Agar mijoz bilan til topisha olmasam, loyihani oʻzgartirsam boʻladimi?” degan savol nomzodda moslashuvchanlik va stressga bardoshlilik yetishmasligini ko‘rsatishi mumkin. Bu o‘zi tabiiy holat — hammamiz har xilmiz. Ammo muammoni hal qilish yo‘llarini izlash o‘rniga hali yuz bermagan vaziyatdan chiqib ketishni istash — kelajakda ish jarayonida qiyinchilik tug‘dirishi mumkin.

“Menga yangi vazifalar qanchalik tez-tez beriladi?” degan savolda ohang juda muhim. Agar bu “qachon yana ortiqcha ish berishadi?” degan maʼnoda aytilsa — bu bitta narsa. Ammo bu savol ortida o‘sishga qiziqish yotsa — bu butunlay boshqa. Afsuski, kontekstsiz aytilganda bu savol ko‘pincha bir xil ishlardan qo‘rquv yoki tashabbus yetishmasligining signali sifatida qabul qilinadi.

“Rahbarimning burji rostdan ham qoʻymi? Siz taro kartalarini ishlatasizmi?”

Lala Pashayeva

Oasis” kompaniyasining HR direktori

“Rahbarimning burji qaysi? Siz taro kartalarini (fol ochishda ishlatiladigan kartalar) ishlatasizmi?” Bunday savollar nomzodning reallikdan koʻra mistik narsalarga koʻproq asoslanishini koʻrsatadi. Bu esa professional muhitga, ayniqsa, yuqori lavozimga ishga olinayotganda toʻgʻri kelmaydi.

Lekin amaliyotimda shunday holatlar ham bo‘lgan: rahbarlar jiddiy ohangda ayrim burj belgilaridagi nomzodlarni ko‘rib chiqmaslikni so‘ragan. Ularga bu burjdagilar bilan ishlash yoqmas ekan. Taro kartalari asosida muhim qarorlar qabul qilingani ham uchragan.

Yevgeniya Gofman

GK Selecty” kompaniyasining katta maslahatchisi

“Kompaniyangizda korporativ kechalar tez-tez o‘tkaziladimi?” yoki “Men ochiq maydonli ofisda ishlaymanmi yo alohida xonada?” Agar nomzod birin-ketin mayda-chuyda va unchalik ahamiyatli bo‘lmagan savollarni bera boshlasa, bu uning haddan tashqari mayda detallar bilan shug‘ullanishga moyilligidan darak berishi mumkin.

Ayniqsa, bunday savollar suhbatning ilk bosqichlaridayoq paydo bo‘lsa, bu xavotirli signaldir. O‘ylab ko‘ring, agar shunchalik mayda detallar hozirdanoq muhim bo‘lib ko‘rinsa, ishga olish jarayonida nimalar bo‘lishi mumkin?

Hech qanday savol bermaslik

Tatyana Fyodorova

Spets akademiyasi” egasi

Nomzod beradigan savollar u haqida ko‘p narsani aytib turadi. Agar savollar umuman bo‘lmasa, demak, qiziqish ham yo‘q. Hatto kompaniya, jamoa, vazifalar haqidagi eng oddiy savollar ham insonning kompaniyadagi kelajagi haqida o‘ylayotganini va qayerga ishga kirayotganiga befarq emasligini ko‘rsatadi.

Shunday holat bo‘lganki, nomzod faqatgina ofisimiz uyiga yaqin bo‘lgani uchun bizni tanlagan. Boshida u salohiyatli ko‘ringan. Ammo keyinchalik uning ishga qiziqishi va jarayonlarga kirishish istagi yo‘qligini tushunib yetdik.

U qat’iy jadval asosida ishlardi — soat 8:00 dan 17:00 gacha. Ko‘rsatmalarga aniq amal qilardi, biroq jamoada ishlashni istamas, moslashishga harakat qilmasdi, hamkasblariga qoʻshilmasdi. Uning faoliyatidan olinayotgan natijalar esa minimal darajada edi.

Shunaqa gap bor: “Instruksiyalarni aniq-tiniq bajarish ham ish tashlashga o‘xshaydi, chunki natijada barcha ish to‘xtab qoladi”. Bu gapda jon bor: bunday xodim jamoaga qo‘shilganda rostdan ham butun guruhning samaradorligi pasayadi. Bunday odamlarni jamoamizga endi qo‘shmaymiz.

Marina Xopryachkova

Antenna” jurnali Rostov tahririyati bosh direktori

Agar nomzod suhbatda jamoa, maqsadlar yoki tuzilma haqida birorta ham savol bermasa, bu shubha uyg‘otadi. Go‘yoki u suhbatga faqat “belgi qo‘yish” uchun kelgandek taassurot qoladi.

Biz uchun rasmiyatchilik emas, balki ishga boʻlgan qiziqish muhim. Agar nomzod kompaniya saytini, ijtimoiy tarmoqlarini ko‘rmagan boʻlsa, rivojlanish imkoniyatlariga qiziqmasa, bu – rahbar uchun jiddiy ogohlantiruvchi belgidir. Nomzodning bergan savollari uning fikrlash tarzini ko‘rsatadi. Bu esa rezyumedagi har qanday maʼlumotdan ko‘ra muhimroqdir.

 

Manba: 7 типов вопросов, из-за которых вас могут не взять на работу

Author: None

← Back